Skip to main content

Konstitutsiya – erkin va farovon hayot asosi

Konstitutsiya har bir davlatning huquqiy asosi hamda suverenitetini tashkil etuvchi, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qiluvchi eng oliy qonundir. Bu yil bosh qomusimiz qabul qilinganiga 32 yil to‘ldi. Ushbu hujjat xalqning xohish-irodasini aks ettiruvchi qomus sifatida xalqimiz qalbida mustahkam o‘rin egallagan.

Joriy yilning 5-dekabr kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazish va ularning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot asosi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Bu kun universitetning ko‘p millatli professor-o‘qituvchilari va talabalari, xodimlari uchun alohida ahamiyat kasb etib, ularni Asosiy Qonunning birlik, erkinlik va taraqqiyot ruhini aks ettiruvchi qadriyatlari atrofida birlashtirdi. Tadbir Davlat madhiyasi bilan boshlandi va Konstitutsiya kuniga bag‘ishlab maxsus tayyorlangan videorolik namoyish etildi. Ushbu rolikda 2023-yil 30-aprel kuni xalq referendumiga asoslanib qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi asosiy o‘zgarishlar va ularning mazmun-mohiyati yoritib berildi.

const 1

Tadbirga maxsus mehmon sifatida takif etilgan Samarqand viloyati Adliya boshqarmasi huquqiy targ‘ibot sho‘basi boshlig‘i Orif Muhammadiyev “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati” mavzusidagi ma’ruzasida 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan umumxalq referendumi orqali Konstitutsiyaga kiritilgan muhim o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi. Bundan tashqari, u o‘z nutqi davomida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning asosiy prinsiplari, o‘zgarishlar va ularning jamiyatimiz huquqiy taraqqiyotiga ta’sirini batafsil yoritib berdi.

const 8

SIUT inspeksiya xizmati boshlig‘i Alisher Igamberdiyev o‘z nutqida Asosiy Qonunning ahamiyatini ta’kidlab, har bir fuqaro Konstitutsiyaga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, unga rioya qilishi orqali mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishi mumkinligini alohida qayd etdi.

const 2

const 9

const 4

Tadbir SIUTning “Oltin Meros” talabalar teatr studiyasi tomonidan tashkil etilgan ijodiy chiqishlar bilan yanada boyitildi. Talabalar Xosiyat Bobomurodova she’rlari asosida tayyorlangan “Vatan yagonadir” qo‘shig‘ini mahorat bilan ijro etishdi. Shuningdek, yig‘ilganlar SIUT professori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “El-yurt hurmati” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi, “Shuhrat” medali sovrindori, shoira Xosiyat Bobomurodovaning Vatan madhini tarannum etuvchi she’rlaridan bahramand boʻldilar.

const 5

Tadbir yakunida universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev tadbir ishtirokchilarini Konstitutsiya kuni bilan samimiy tabrikladi. O‘z so‘zida u bosh qomusimizning yaratilish tarixi va uning xalqimiz hayotidagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladi:

“Konstitutsiya – bu oddiy qonunlar majmuasi emas, balki xalqimizning orzu-umidlari, qadriyatlari va kelajakka intilishlarining yorqin ifodasidir. Universitetimizning uch buyuk qadriyatlari – Or-nomus, Hurfikrlilik va Insonparvarlik – Asosiy Qonun tamoyillarida mujassam. Yoshlar esa shu tamoyillarni hayotga tatbiq etuvchi, yurtimiz taraqqiyoti va buyuk kelajagini yaratadigan qudratli kuchdir. Jasorat bilan o‘qing, izlaning, harakat qiling va O‘zbekistonni yuksak zafarlar mamlakatiga aylantiring!”

Ma’lumot o‘rnida shuni alohida qayd etish joizki, 1992-yilda Yusuf Abdullayev O‘zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi sifatida faoliyat olib borib, Mustaqil O‘zbekiston tarixidagi birinchi Konstitutsiya loyihasini tayyorlashda bevosita ishtirok etgan.

const 6

Tadbir SIUT madhiyasining an’anaviy ijrosi bilan yakunlandi. Uning har bir satrida universitetning buyuk maqsadlari, intilishlari va ma’naviy qadriyatlari mujassamdir.

const 7

SIUTda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni yuksak ta’limiy va madaniy tashabbus sifatida nishonlandi. Muxtasar qilib aytganda bu kabi tadbirlar yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirib, ularni jamiyatning faol fuqarolari sifatida tarbiyalaydi.