Skip to main content

SIUT Dubaydagi SMART24 xalqaro konferensiyasida to‘rtta innovatsion loyihasini taqdim etdi

Joriy yilning 22-24-noyabr kunlari Dubaydagi Kanada universitetida o‘tkazilgan Uchinchi Xalqaro SMART24 Barqaror Mobil Ilovalar, Qayta Tiklanuvchi Energiya Manbalari va Texnologiyalar (Sustainable Mobility Applications, Renewables and Technology) nomli konferensiyasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘zining to‘rtta innovatsion tadqiqoti bilan ishtirok etdi. Elektr va elektrotexnika muhandislari instituti (Institute of Electrical and Electronics Engineers –IEEE) tomonidan tashkil etilgan ushbu konferensiya, ilm-fan va texnologiya sohasidagi eng yangi yutuqlarni taqdim etish, global hamkorlikni rivojlantirish va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish maqsadida yuzlab olimlarni birlashtirdi. Konferensiyada dunyoning turli burchaklaridan kelgan tadqiqotchilar o‘z ishlarini namoyish etdilar hamda taqdim etilgan ko‘plab arizalar orasidan faqat 80 ta ilmiy tadqiqot ishi tanlab olindi.

smart 1

SIUT tomonidan taqdim etilgan tadqiqotlar, asosan, texnologiyalarni yanada samarali, xavfsiz va barqaror qilishga qaratilgan. Har bir loyiha o‘ziga xos va jamiyatga foydali yechimlar taklif etadi. Ushbu nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok universitetining ilmiy ishlanmalarini global miqyosda tanitish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va universitetning yuqori texnologiyalarga asoslangan tadqiqotlarini keng jamoatchilikka taqdim etish imkonini berdi. Konferensiya davomida taqdim etilgan to‘rt ilmiy tadqiqot — har biri o‘ziga xos innovatsion yondashuv va yangi texnologiyalarni taklif etadi. Keling, ularni har biriga qisqa to‘xtalib o‘tsak:

Barqaror elektron tijoratda chuqur o‘rganishdan foydalanish: Mobil platformalarda foydalanuvchi sharhlaridagi spamlarini kamaytirish

Professor Shirin Noekhah va “Computer Science” yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Kamila Abdullayeva tomonidan taqdim etilgan hamda mazkur loyiha orqali ular chuqur o‘rganish algoritmlari yordamida mobil platformalarda foydalanuvchilar tomonidan yozilgan sharhlaridagi spamni avtomatik tarzda aniqlash va filtrlash taklif qildilar. U mobil platformalarda foydalanuvchilar o‘rtasida ishonchni yaratish, savdo maydonlarining shaffofligini oshirish va platformalarni yanada ishonchli qilishga xizmat qiladi. Bugungi kunda aqlli mobil tizimlarda spamni kamaytirish juda muhim, chunki foydalanuvchilarning fikrlari va sharhlari xizmatlar sifatini belgilashda asosiy omilga aylanmoqda. Ushbu ishlanma, o‘z navbatida, ishonchli elektron tijorat ekosistemalarini yaratishga yordam beradi.

Aqlli tarmoqlar tizimlarida kiberxavfsizlikni mustahkamlash: Mashinaviy va chuqur o‘rganish asosida log-fayllarni tahlil qilish

Professor Arul Kumar Natarajan tomonidan ishlab chiqilgan ushbu loyiha aqlli tarmoqlarda (Smart Grids) xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. Professor Nataranjan tomonidan taklif qilingan metodlar, mashinaviy o‘rganish algoritmlari yordamida log-fayllarni tahlil qilib, tizimlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik tahdidlarini tezda aniqlashga imkon beradi. Ushbu yondashuv, energiya tizimlarining barqarorligini ta’minlash va kiberxavfsizlikni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega. Tarmoqdagi anomaliyalarni avtomatik ravishda aniqlash va xavfsizlikni kuchaytirish orqali energiya infratuzilmasining himoyasini yanada kuchaytirish mumkin. Ushbu yechim, global miqyosdagi energiya resurslarini samarali va xavfsiz boshqarish uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.

smart 3

Energiyani tejash: Klasterlash usullari yordamida yuqori energiya sarfini aniqlash

Professor Akib Khanday tomonidan ishlab chiqilgan klasterlash tahlil usullari yordamida binolarda energiya sarfini kamaytirishga qaratilgan innovatsion yechimlar taqdim etildi. Bu metod yordamida, imoratlardagi energiya sarfi yuqori bo‘lgan zonalar aniqlanadi va ular uchun maxsus energiya tejash strategiyalari ishlab chiqiladi. Yechim, energiya tejash va samaradorligini oshirishga qaratilgan, jumladan, turar-joy va sanoat binolarida qo‘llanilishi mumkin. Ushbu ilmiy ish, energiya samarali qilishga, resurslarni tejashga yordam beradi. Bu innovatsiya umumiy energiya iste’molini pasaytirish va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yanada kengroq qo‘llanilishi mumkin.

Ko‘p muhitli tizimlarda ma’lumot uzatish: o‘z-o‘zini himoya qiluvchi harbiy sensor tarmoqlari uchun multimedia ma’lumotlar tranzaksiyalari

Professor Rajasoundaran Soundararajan tomonidan taqdim etilgan loyihada, harbiy sensor tarmoqlarida ma’lumot uzatishning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘z-o‘zini himoya qiluvchi tizimlar ishlab chiqilgan. Bu tizim tashqi tahdidlarga nisbatan moslashuvchan bo‘lib, ma’lumot uzatishning xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlaydi. Harbiy tarmoqlar, tabiiy ofatlar yoki kiberhujumlar kabi ekstremal sharoitlarda muhim ma’lumotlar uzatishda uzilishlar yuz berishi mumkin. O‘z-o‘zini himoya qiluvchi algoritmlar, tizimdagi xatoliklarni kamaytirib, barcha jarayonlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu innovatsion yondashuv, harbiy tizimlarda yuzaga keladigan xavflarga qarshi kurashishda eng yangi texnologiyalarni qo‘llashga yordam beradi.

SIUTning SMART24 konferensiyasida ishtirok etishi nafaqat universitetning ilmiy salohiyatini keng jamoatchilikka tanitdi, balki global ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, barqaror texnologiyalarni rivojlantirish va talaba almashish dasturlari kabi yangi imkoniyatlarni yaratishga xizmat qildi. Tadbir davomida xorijiy delegatsiyalar bilan amalga oshirilgan muhokamalar, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikda ishlash va ilmiy loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ochib berdi hamda oliygohning xalqaro ilmiy maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilib, keyingi tadqiqotlar va hamkorliklar uchun mustahkam poydevor yaratadi.