Skip to main content

Toshkentda ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 24-martdagi “2024-yilda qo‘shimcha o‘tkaziladigan xalqaro va Respublika miqyosidagi ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar to‘g‘risida”gi 76-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida, 2024-yilning 22-23-noyabr kunlari Toshkent shahridagi Profi Universitetida “Ta’lim tizimini takomillashtirishda ilg‘or xalqaro tajribalar” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik anjuman bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyaning tashkil etishdan maqsad — xalqaro ekspertlar, akademik hamjamiyatlar, amaliyotchi o‘qituvchilar va davlat organlari o‘rtasida ta’lim sohasida tajriba, g‘oyalar va ilg‘or tajriba almashish uchun platforma yaratish hisoblanadi. Anjumanda SIUT Tillar markazi katta o‘qituvchilari: Nasiba Sadiyeva, Zuhra Rustamova hamda Komila Abdullayevalar faol ishtirok etdilar, ta’limga innovatsion yondashuvlar, pedagogik kadrlarni tayyorlash va ta’lim samaradorligini baholash kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazdilar.

profi 4

Anjumanda Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Belarus Respublikasi, Ukraina, Serbiya, Turkiya hamda Malta kabi mamlakatlardan olimlar ishtirok etdilar va o‘z mamlakatlaridagi ta’lim tizimida qo‘llanilayotgan ilg‘or metodologiyalar va texnologiyalar bilan o‘rtoqlashdilar.

profi 1

Konferensiya davomida innovatsion texnologiyalarni ta’lim jarayoniga integratsiya qilish, talabalarning asosiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda ta’lim sifatini global miqyosda oshirishga qaratilgan ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda o‘qituvchilarning malakasini oshirish va ularning ta’lim jarayonidagi rolini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

profi 2

“Bu kabi xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish bizga jahon tajribalarini o‘rganish va ularni faoliyatimizda yangi yondashuvlar bilan qo‘llash imkoniyatini taqdim etadi” – Komila Abdullayeva, ingliz tili fani katta o‘qituvchisi.

Konferensiya yakunlari ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik, tajriba almashish va innovatsion yondashuvlarni joriy etishning naqadar muhim ekanligini yana bir bor tasdiqladi. Bunday tadbirlar o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish bilan birga, global muammolarga javob bera oladigan zamonaviy ta’lim muhitini yaratishga mustahkam poydevor bo‘ladi.