Skip to main content

SIUT va Zarmed oliygohlari hamkorligi: Ilmiy yuksalish yo‘lida mustahkam qadamlar

2024-yilning 1-noyabr kuni Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rahbariyati va jamoa vakillaridan iborat delegatsiya Zarmed Universitetiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif, ikki oliygoh o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim voqea bo‘ldi.

zu 1

zu 8

Delegatsiya a’zolari dastlab, Zarmed universitetining zamonaviy kampusi bilan tanishib, undagi ta’lim jarayonlari hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, oliygoh infratuzilmasi, olib borilayotgan o‘quv jarayonlari haqida batafsil ma’lumot oldilar.

Shundan so‘ng ikki oliygoh rahbarlari hamda delegatsiya vakillari ishtirokida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

zu 7

Uchrashuvda Zarmed Universiteti asoschisi Dilshod Shukurlayev o‘z so‘zida universitetning ta’lim jarayonlari, o‘rnatilgan xalqaro aloqalar, professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda malakali kadrlar tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar hamda oliygohning istiqboldagi rejalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, SIUT rektori prof. Yusuf Abdullayev Zarmed universitetining iqtisodiyot, tibbiyot, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar hamda pedagogika kabi sohalar taʼlimi rivojiga qoʻshayotgan ulkan hissasini yuksak baholashi va qadrlashini alohida qayd etdi. Shuningdek, professor Yusuf Abdullayev tomonidan Samarqand xalqaro texnologiya universitetida dunyoning 18 davlatidan 50 dan ortiq xalqaro toifadagi professor o‘qituvchilar dars berishi va o‘zaro hamkorlik natijasida ularning tengsiz tajribasidan foydalangan holda yangi loyihalarni amalga oshirish O‘zbekistondagi fan sohasi rivojiga misilsiz hissa qo‘shishi ta’kidlandi. Bundan tashqari, uchrashuv davomida muhandislik, menejment, ingliz tili va kompyuter texnologiyalari yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. SIUTda bu sohalar bo‘yicha chuqurlashtirilgan xalqaro ta’lim dasturlari mavjud bo‘lib, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratib kelmoqda. Ikkala oliygohning ta’lim salohiyatini birlashtirish orqali o‘quv jarayonlari va kadrlar tayyorlash sohasida yangi marralarni zabt etish rejalashtirilgan.

zu 3

zu 4

Hamkorlik doirasida Zarmed Universiteti va SIUT professor-o‘qituvchilari hamda talabalari uchun o‘zaro kurslar, amaliy mashg‘ulotlar, shuningdek, xalqaro miqyosdagi ilmiy anjuman va yig‘inlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa ikki universitet o‘rtasidagi o’zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash, ta’lim jarayoniga zamonaviy metod va yondashuvlarni joriy etishga xizmat qilibgina qolmay, balki innovatsion o‘quv dasturlarining yangi texnologiyalar bilan boyitilishiga ham zamin yaratadi.

zu 5

Uchrashuv yakunida ikki oliygoh rahbarlari oʻrtasida turli jabhalarda oʻzaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishni nazarda tutuvchi anglashuv memorandumi imzolandi.

Ma’lumot o‘rnida: O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 16-aprel kungi ZARMED-PRATIKSHA klinikasiga tashrifi davomida tibbiy klaster tashkil qilish topshirig‘iga binoan, 2022-yilda Buxoro shahrida ilk bor Zarmed universiteti barpo etilgan. 2024-yil sentabr oyidan universitetning Samarqand shahridagi kampusi ishga tushirilgan. O‘zbekistonning ilmiy salohiyatini oshirish, tibbiyot, iqtisod, qurilish va boshqa dolzarb sohalarda malakali kadrlar yetkazib berish maqsadida tashkil etilgan.