Skip to main content

SIUT talabalari Jizzaxdagi Kia Motors zavodining ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar

Universitetda ta’lim jarayonlarini nazariya va amaliyot uyg‘unligida tashkil etish maqsadida, Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti (KITC) tomonidan “Raqamli iqtisod” va “Qayta tiklanuvchi energiya” yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 60 nafardan ortiq talabalar, Jizzaxdagi “Kia Motors” (ADM Jizzakh) zavodiga ekskursiya qildilar.

kia 7

Zavodda o‘tkazilgan ekskursiya davomida talabalarga avtomobil ishlab chiqarish jarayonlari, xususan, CKD (Completely Knocked Down) yig‘ish usuli ko‘rsatildi. Zavod yilda 100 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lib, O‘zbekistondagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biridir. Talabalar ishlab chiqarish jarayonida butlovchi qismlarning sifat nazorati, qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish texnologiyalari, shuningdek, zamonaviy robotlashtirilgan jarayonlar va inson resurslari birlashgan tizim bilan tanishdilar.

kia 1

kia 3

kia 4

kia 5

Zavoddagi barcha jarayonlar raqamli platforma orqali nazorat qilinadi, bu esa buyurtmalardan tortib tayyor mahsulotlarni xaridorlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha funksiyalarni birlashtiradi.

Dual ta’lim dasturi doirasida o‘tkazilgan ekskursiya, o‘quv xonasida olingan nazariy bilimlarni amaliy ish bilan birlashtirish uchun ajoyib imkoniyat yaratdi.

kia 2

Talabalar ekskursiya oldidan o‘tkazilgan maxsus tayyorgarlik sessiyasida ishlab chiqarish jarayonlari, ishchi kuchini boshqarish strategiyalari, inventarizatsiya nazorati va sifat menejmenti haqida bilimlarini mustahkamladilar. Ekskursiya natijasida talabalar amaliyot va nazariyani birlashtirish orqali sifatli bilim olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ularga soha mutaxasisslari tomonidan avtomobillar, robotlar va yig‘ish jarayonlari bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi.

kia 9

Safar yakunida “ADM Jizzakh” rahbarlari talabalarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini e’tirof etib, bunday hamkorliklar nafaqat talabalar, balki zavod uchun yangi imkoniyatlar yaratishini alohida ta’kidladilar. Ular universitet bilan kelgusida yanada ko‘proq hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini va SIUT talabalari o‘z sohalarida mukammal tayyorgarlik ko‘rayotganini qayd etdilar.

kia 8

Ma’lumot uchun: ADM Global (yuridik nomi “ROODELL” MChJ) kompaniyalar guruhi 2014-yilda tashkil etilgan bo‘lib, avtomobillarni ishlab chiqarish, sotish, kafolatli va kafolatdan keyingi xizmat ko‘rsatish, shuningdek, original ehtiyot qismlarni va aksessuarlarni sotishga ixtisoslashgan. Ayni paytda dilerlik tarmog‘i O‘zbekistonning butun hududi bo‘ylab 60 dan ortiq rasmiy markazlarni o‘z ichiga oladi. Xolding Kia, CHERY, HAVAL, Hyundai Truck & Bus kabi dunyoda mashhur avtomobil brendlari bilan hamkorlik qiladi. Taqdim etilayotgan avtomobillarning yuqori sifati tufayli ADM Global kompaniyalar guruhi o‘z sohasining yetakchilaridan biriga aylanmoqda.