Skip to main content

Bo‘lajak muhandislar uchun yashil texnologiyalarning ahamiyati mavzusida seminar o‘tkazildi

Samarqand xalqaro texnologiya universitetida WIN Training Center tashabbusi bilan talabalarni sohaga oid bilimlarini yanada boyitish maqsadida bir qator seminarlar, davra suhbatlari, vebinarlar va mahorat darslari tashkil etib kelinmoqda. Ijodiy muhandislik markazi rahbari Ulug‘bek Amonov muhandislik yo‘nalishlari talabalari uchun navbatdagi seminarni o‘tkazdi. Mazkur seminar “O‘zbekiston uchun yashil texnologiyalarning ahamiyati” mavzusiga bag‘ishlandi.

Yashil texnologiyalar — bu atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan innovatsion yechimlar va texnologiyalar majmuasidir. Ushbu texnologiyalar, asosan, ekologik barqarorlikni ta’minlash, energiya iste’molini kamaytirish, chiqindilarni qayta ishlash va havoni ifloslantiruvchi gazlarni kamaytirish maqsadida ishlab chiqilgan. Bu texnologiyalarning atrof-muhitga va tabiatning tirikligini ifodalaydigan “yashillik”ka yetkazadigan ta’siri juda oz bo‘lganligi uchun ularni “Yashil texnologiyalar” deb ta’riflashadi.

U. Amonov ma’ruzasi davomida iqtisodiyotning asoslariga to‘xtalib, har bir iqtisodiyot, avvalambor, o‘z hududida yashovchi aholining ehtiyojlarini qondirish faoliyatlariga asoslanganligini ta’kidladi hamda zamonaviy iqtisodiyot faoliyatlarini asosan to‘rtta kategoriyaga asosida tushuntirib berdi:

  • birlamchi sektor – atrof muhitdan xomashyo va resurslarni ajratib olish faoliyatlari;
  • ikkilamchi sektor – xomashyoni qayta ishlash va yakuniy mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan bog‘liq sanoatlar;
  • uchinchi darajali sektor – yakuniy mahsulotlar va xizmatlarni iste’mol qilish faoliyatlari;
  • to‘rtinchi darajali sektor – ilm-fan, boshqaruv va hukumat faoliyatlari.

U. Amonov, iqtisodiy sektorlar bilan bog‘liq muhandislik sohalari haqida so‘z yuritar ekan, Samarqand xalqaro texnologiya universitetining muhandislik yo‘nalishlari asosan iqtisodiyotning birlamchi sektoriga tegishli ekanligi, va ular O‘zbekiston iqtisodiyotining poydevori hisoblangan sanoatlar uchun mutaxassislar tayyorlashi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, Amonov universitetning barcha yonalishlari o‘rtasida bog‘liqlikning asosi sifatida aynan energetika sohasini ta’kidlab o‘tdi. Zero, energetika har qanday iqtisodiyotning tamal toshi bo‘lib, usiz taraqqiyotning tasavvur etib bo‘lmaydi. Dunyo bo‘ylab “yashil texnologiyalar” rivoji ham aynan energetika sohasida eng dolzarb yo‘nalishlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Quyosh panellari kabi “yashil texnologiyalar” uchun zarur bo‘lgan har bir komponent muayyan metallar va moddalarni talab qiladi. Buning uchun, avvalo, metallarni yer ostidan topish, qazib olish va qayta ishlash zarur. Aynan shu jarayonlar iqtisodiyotning birlamchi sektoriga taalluqli bo‘lib, SIUTning uch muhandislik yo‘nalishlarini o‘zida aks ettiradi.

“Yashil texnologiyalar – bu nafaqat ekologik muammolarni hal qilish, balki O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishida muhim rol o‘ynovchi kuchdir. Zamonaviy iqtisodiyotning har bir sektori muhandislik sohalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, biz talabalarni ushbu yo‘nalishlarda yetakchi mutaxassislar etib tayyorlashni maqsad qilganmiz,” – deydi Ulug‘bek Amonov.

O‘zbekiston, o‘z iqtisodiy rivojlanishini barqaror va ekologik jihatdan to‘g‘ri yo‘nalishda olib borish maqsadida “yashil texnologiyalarni” joriy etishga e’tibor qaratmoqda. Ularni joriy etish nafaqat iqtisodiy o‘sishni, balki atrof-muhitni saqlash va miqdori chegaralangan resurslarimizdan oqilona foydalanishni ham ta’minlaydi.

Xulosa qilib aytganda, bu kabi seminarlar talabalarni zamonaviy muhandislik talablari bilan tanishtirib, yangi avlod muhandislariga o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada kengaytirish imkoniyatini yaratmoqda.