Skip to main content

Xalqaro miqyosdagi Samarqand shahri kuni

Jahon sivilizatsiyasining qadimiy o‘choqlaridan biri, yer yuzining sayqali bo‘lgan qadimiy va hamisha navqiron Samarqand mustaqil O‘zbekistonning yirik iqtisodiy, ilmiy-madaniy, sayyohlik markazlaridan biridir. Samarqand UNESCOning butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri hisoblanadi. Bu shahar o‘zining shonli o‘tmishi, boy madaniyati, ajoyib me’morchiligi va tarixiy obidalari bilan dunyoga mashhur.

medal

1996-yilning 18-oktabr kuni Amir Temurning 660 yillik yubileyida Samarqand shahri “Amir Temur” ordeni bilan taqdirlangan va 18-oktabr “Samarqand shahri kuni” deb belgilangan edi. Shundan buyon, chorak asrdirki ushbu kun viloyatda keng nishonlanib kelinadi. Samarqand shahri kuni uch yildan buyon Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tomonidan ham keng nishonlanmoqda.

samarkand 2

samarkand 3

samarkand 5

Buyuk tarix va yorqin kelajakni birlashtirgan sarhad Samarqandi sharif bugun ham bayram ogʻushida. Joriy yilning 19-oktabr kuni “Silk Road Samarkand” turistik markazi Boqiy shahar ko‘chalari bo‘ylab karnay-surnay sadolari yangrab, barchani bayramga chorladi. “Buyuk Samarkand” restoranida Samarqand shahri kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

samarkand 6

Tantanali tadbirda universitetning barcha xodimlari, xorijlik professor-o‘qituvchilar, talabalar va ardoqli mehmonlar, viloyat hokimligi ma’sullari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda 2022-2023-yillarda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tomonidan rus va ingliz tillarida nashr etilgan “Samarqand: madaniyatlararo muloqot makonida shahar qiyofasi. Xorijiy Samarqandiyona ensiklopediyasi” kitobi asosida tayyorlangan uch qismli katta ko‘rgazmasi namoyish etildi. Ushbu ko‘rgazma mazmuman Samarqand shahri qiyofasining turli mintaqalardagi in’ikosini o‘zida jamlagan bo‘lib, “Samarqand barcha qit’alarda”, “Samarqand O‘zbekiston va Rossiya madaniyatlari muloqotida: meros va zamonaviylik”, “Amerika Samarqandiyonasi” kabi mavzularni qamrab oldi.

Ko‘rgazma eksponatlari Samarqand shahri qiyofasining madaniyat makonida namoyon bo‘lishiga oid betakror, keng qamrovli nodir materiallarni ilk bor taqdim etishi bilan birga, ushbu qadimiy shaharning xalqlar badiiy ijodi, kasbiy va ijtimoiy faoliyatiga ta’sirini o‘zida aks ettirishi bilan ahamiyatli.

samarkand 9

samarkand 4

samarkand 11

samarkand 15

samarkand 16

Tantanali tadbir dasturi SIUT iqtidorli talabalaridan tarkib topgan “Oltin Meros” teatr studiyasi ijrosidagi ajoyib raqs namoyishlari bilan boyitildi. Universitet ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, xushovoz xonanda Zulfiyа Rashidova tomonidan ijro etilgan Samarqandning goʻzalligi va xalqning gʻururini aks etgan “Jon Samarqand” hamda tadbirning “kulminatsion nuqtasi” SIUTning xorijlik professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘zbek estradasi yulduzi Naufal Muhamedovning mashhur “Samarqand” qo‘shig‘ini ijro etishlari bo‘ldi. Professorlar Hwang Sungdon, Kim In Tae (Janubiy Koreya), Joseph Stark (AQSh), Jimbo Claver (Kamerun), Arul Kumar Natarajan (Hindiston) va Li XingCan (Xitoy) qo‘shiqni yetti tilda – o‘zbek, koreys, fors, rus, ingliz, hind va xitoy tillarida maromiga yetkazib kuyladilar. Bu namoyishlar bayramning xalqaro nishonlangani va turli madaniyatlar birligi ramz sifatida ifodalab, tantanaga o‘ziga xos shukh olib keldi hamda tomoshabinlarga olam-olam quvonch ulashdi.

samarkand 17

samarkand 18

Tadbir davomida o‘tkazilgan “Samarqandni qanchalik yaxshi bilasiz?” viktorinasi ishtirokchilarga shahar tarixi haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish va bilimlarini sinab ko‘rish imkoniyatini berdi. Viktorina ishtirokchilari o‘zaro raqobatlashib, o‘z bilimlarini namoyish etdilar.

samarkand 12

samarkand 13

samarkand 14

Tantanali tadbirda so‘z olgan SIUT “Inson. Madaniyat. Tinchlik” ilmiy-ma’rifiy markazi direktori, “Samarqandiyona” ensiklopedik loyihasi muallifi Anatoliy Ionesov Samarqandning 15 ta eng muhim xorijiy esdaliklari hamda Nobel mukofoti sovrindorlari, olimlar, jamoat arboblari va xalqaro “Samarqandiyona” loyihasi ishtirokchilarining shahar haqida yozgan o‘nlab maktublarini namoyish etdi. Bu maktublar har yili kuzning boshida o‘tkaziladigan “Xalqaro maktublar kuni: ilhom manbai bo‘lgan, orzular sari chorlovchi maftunkor Samarqand haqida so‘zlar” madaniy-ma’rifiy loyihasi doirasida to‘plangan bo‘lib, maktublarda Samarqandning betakror go‘zalligi va jahon madaniyatidagi o‘rni yuksak darajada e’tirof etilgan.

samarkand 7

samarkand 8

Shuningdek, SIUT professori, shoira, “El-yurt hurmati” ordeni, “Shuhrat” medali va qator davlat mukofotlari sohibasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xosiyat Bobomurodova Samarqand shahri uchun maxsus yozilgan sherini yig‘ilganlar hukmiga havola etdi.

samarkand 10

Tadbirning yakuniy qismida Samarqandning boy tarixi va universitetning kelajakka bo‘lgan ishonchini madh etuvchi SIUT madhiyasi talabalar, professorlar va universitet rahbariyati bilan birgalikda ijro etildi.

samarkand 21

samarkand 20

Samarqand shahri kuni – bu nafaqat tarix va madaniyat bayrami, balki turli millat va madaniyat vakillarini birlashtirgan qadimiy va navqiron shahar merosini kelgusi avlodlarga yetkazish va rivojlantirishga xizmat qiladi hamda uning madaniyatini dunyo sahnasida yanada tanitishga yordam beradi desak yanglishmaymiz.