SIUT nodavlat OTM reytingida kuchli uchlikdan o‘rin oldi
Joriy yilning 25-sentyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida nodavlat ta’lim tashkilotlarida sifatga erishish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish, sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va takomillashtirishda hamkorlik qilish, ta’lim islohotlarida jamoatchilik institutlari ishtirokini ta’minlash maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Yosh ziyokor” nodavlat ta’lim tashkilotlari uyushmasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Mazkur uyushma tomonidan oliy ta’lim sifatini oshirish, ijobiy raqobat muhitini shakllantirish maqsadida nodavlat OTM 2024-yil 1-mavsum reytingi ishlab chiqildi. Quvonarlisi, bugungi kunda yurtimizda faoliyat olib borayotgan 76 ta nodavlat OTMlar orasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi.

Reyting nimaga asoslangan?
-
- bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni – guruhlardagi talabalar soni;
- ixtisosliklar bo‘yicha o‘qituvchilarning mavjudligi;
- xorijlik professor-o‘qituvchilar ulushi – xalqaro tajribaga ega mutaxassislarning mavjudligi va talabalarni xalqaro mehnat bozoriga tayyorlash kabi ko‘rsatkichlarga asoslanildi.
Reyting ishlab chiqish metodologiyalarining turli-tumanligi har bir holat uchun ma’lumotlar bazasini topa olish imkoniyatlariga turlicha ekanligidan kelib chiqadi. Jumladan, amaliyotda reyting uchun ma’lumotlar quyidagi manbalarda to‘plangan:
-
- Mamlakat darajasidagi ma’lumotlar bazalari (O‘zbekiston sharoitida HEMIS);
- Vazirliklar va boshqa davlat idoralarining ma’lumotlar bazalari;
- So‘rovlar va call markaz faoliyati;
- OTM rasmiy veb saytlari va boshqalar.
Ayni paytda SIUT ta’lim jarayonlariga jahonning 18 davlatidan 50 nafardan ortiq malakali xorijiy professor-o‘qituvchilar jalb etilgan. Ta’kidlash joizki, ushbu ko‘rsatkich “Yosh ziyokor” uyushmasi reytingida eng yuqori deya e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, tashkil etilganiga hali ko‘p fursat bo‘lmasada, universitet ilmiy salohiyat borasida ham qator muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. 2023-yil yakunlariga ko‘ra, Scienceweb platformasining O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari ilmiy tadqiqotlari milliy ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, SIUT ikkinchi o‘rinni egalladi.

2024-yilning 18-19-may kunlari Toshkent shahrida xizmat ko‘rsatish sohasida eng muvaffaqiyatli biznes loyihalar, faol tadbirkorlar va oliy o‘quv yurtlari jamlagan VI MAKON MARKETING FORUM 2024 xalqaro biznes-forumida «2023-yilda O‘zbekistonda noyob xorijiy professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda xalqaro darajadagi ilmiy bazaga ega ingliz tilidagi birinchi xalqaro texnologik universitet yaratishdagi yutuqlari uchun» maxsus nominatsiyada SIUT «2023 yil brendi» deya e’tirof etildi.