Samarqandda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 75 yilligi tantanali ravishda nishonlandi
O‘zbek va xitoy xalqlari ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari bilan chambarchas bog‘langan. Umumiy tariximiz, madaniy va ma’naviy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz bizni birlashtirib turadi.
Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati natijasida keyingi yillarda davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqmoqda. Bundan qariyib 3000 yil muqaddam Buyuk ipak yo‘li xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik aloqalarini o‘rnatish, o‘zaro hamkorlik qilish va bir-birini boyitish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilgan.



Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar haqida gapirganda, fan, ta’lim va texnologiya sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik ham izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti hamkorligida 2024-yilning 18-sentabr sanasida “Silk Road Samarkand” sayyohlik markazining “Boqiy shahar” majmuasidagi “Buyuk Samarkand” restoranida “Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 75 yilligi va Xitoy-O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik mustahkam rishtalari!” nomli tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Gansu raqs teatrining “Maftunkor ipak yo‘li” nomli konserti va universitet badiiy jamoasi tomonidan kuy-qo‘shiqlar madaniy dasturdan o‘rin oldi. Tantanali tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Yuy Szyun faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.

Tantanali kechani SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev kirish so‘zi bilan ochib, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi, Gansu raqs teatri ijodiy guruhi hamda barcha mehmonlarni samimiy qutladi.

“Xitoy va o‘zbek xalqlarini yillar davomida mustahkam do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Bugun biz bu do‘stlik rishtalarining yorqin namunasi sifatida Xitoy Xalq Respublikasining 75 yilligini Buyuk Ipak Yo‘li orqali o‘tgan asosiy yo‘nalishlari o‘tgan Samarqandda, nishonlamoqdamiz”, – deya ta’kidladi elchi janoblari Yuy Szyun.


Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov so‘zga chiqib, O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarga to‘xtaldilar.
Tadbirning yorqin va esda qolarli qismi Gansu raqs teatri badiiy jamoasining chiqishlari bo‘ldi. Teatr “Maftunkor Ipak Yo‘li” dasturidan “Oltin Budda”, “Chuqur tun”, “Lira musiqasi va lenta raqsi”, “Lut chalish”, “Uchar Apsaraslar gullarni sochmoqda” kabi badiiy chiqishlari tadbirga o‘ziga xos rang-baranglik kiritdi. Har bir sahna ko‘rinishi ishtirokchilarga unutilmas hissiyotlarni tuhfa etib, uzoq davom etgan gulduros qarsaklar ostida kutib olindi.










Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy almashinuv tantanasida universitetning buyuk maqsadlari, intilishlari va ma’naviyatini o‘zida mujassam etgan Samarqand xalqaro texnologiya universitetining rasmiy madhiyasi premyerasi bo‘lib o‘tdi.



Madhiya mualliflari: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Shuhrat” medali, “El-yurt hurmati ordeni” sohibasi, shoira SIUT professori Xosiyat Bobomurodova, bastakorlar Farxod Abdullayev va Ubaydullo Mamadaliyev; Ijrochi, universitet ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Zulfiya Rashidova.
Universitet madhiyasining har bir satri va notasida g‘urur va vatanparvarlik, ilm-fanga muhabbat, yangi marralar sari intilish kabi tuyg‘ular aks etgan. SIUT talabalarini yangi cho‘qqilarni zabt etishga ilhomlantirdi. Butun zal jo‘rligicha ijro etilgan madhiyamiz, yig‘ilganlar qalbida faxr, iftixor va yurtga muhabbat tuyg‘ular qayta jo‘sh urganiga ishonchimiz komil.
Shuningdek, elchi janoblari Yuy Szyunning tashrif dasturi doirasida SIUT faoliyati va Xitoy energetika instituti hamda universitetning Xitoydagi hamkor oliygohlar bilan olib borilayotgan ishlar ko‘lami va istiqbollari bilan tanishdi.



Dunyoning nufuzli ta’lim muasassalari va tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishgach, elchi juda katta qoniqish ham ijobiy taassurotlar olganini, mavjud salohiyat va imkoniyatlar mazkur universitetning yaqin yillarda mintaqadagi eng ilg‘or va nufuzli oliy ta'lim muassasasiga aylanishiga ishonch bildirdi.


Tadbirlar doirasida XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun “Silk Road by Minyoun Hotel” kongress zalida Samarqand viloyati hokimligi masʼullari, viloyatdagi ommaviy axborot vositalari bosh muharrirlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.

OAV vakillari bilan uchrashuv chog‘ida, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya, turizm va boshqa sohalardagi aloqalar ko‘lamini yanda kengaytirish masalalari xususida ham so‘z yuritildi. Martabali mehmon ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va anglashuv tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik darajasigacha ko‘tarilganini qayd etdi. Martabali mehmon O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, ikki davlat rahbarlarining o‘zaro uchrashuvlari natijasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ta’lim, madaniy-gumanitar hamkorlik, shuningdek, xavfsizlik, yuqori texnologiyalar va sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini alohida qayd etdi.
Ta’kidlash joizki, bunday madaniy-gumanitar tadbirlarning o‘tkazilishi, shubhasiz, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaqin munosabatlarni mustahkamlashga, do‘stlikning yangi yorqin sahifalarini ochishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: Har yili 1-oktabr sanasida Xitoydagi eng asosiy davlat bayrami — XXR tashkil topgan kun keng nishonlanadi. 1949-yilning ayni shu sanasida Pekindagi Tyananmen maydonida bo‘lib o‘tgan mitingda XXR tashkil topgani e’lon qilingan edi. 2-oktabrda esa markaziy hukumat 1-oktabrni milliy bayram sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgan kuni bayrami besh kun davomida nishonlanib, mazkur hafta davlatdagi ikki “Oltin hafta”dan biri sifatida qarshi olinadi. 1-oktabrda Xitoydagi markaziy maydonlarda xalq sayillari o‘tkazilib, kechqurun mushakbozliklar tashkil etiladi.