Skip to main content

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti jamoasi “International Samarkand Marathon”ida faol ishtirok etdi

2022-yilning 5-6 noyabr kunlari Samarqandda yilning eng kutilgan sport va sayyohlik voqeasi – IV Samarqand Xalqaro xayriya marafoni bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning qirqqa yaqin mamlakatidan 3300 dan ortiq ishtirokchilar qatnashdi.

Mazkur marafonda ishtirokchilar quyidagi masofalar yugurishdi: to’liq marafon, yarim marafon, 10 km va 2 kmga yugurish, “Nordic Walking 5K”- 5 km shimolga yugurish, shuningdek, “Kids Run” - 4 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 300-600 metr masofaga yugurish.

42 kilometrlik to’liq marafon Boqiy shahar bilan yangi Sayyohlik markazida o’tkazildi. Marafonning qolgan turlari Samarqand shahrining tarixiy maskanlari bo‘ylab o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, Samarqand xalqaro marafoni 2019-yildan buyon har yili xayriya missiyasi tarzida o‘tkazib kelinadi. Joriy yilda marafondan tushgan barcha mablag‘lar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi shaxslarga yordam tariqasida berildi.

Samarqand shahrida o‘tkazilgan mazkur xalqaro xayriya yugurish marafonida Samarqand xalqaro texnologiya universitetining professor-o‘qituvchilari va xodimlari ham faol ishtirok etdi. Universitet vakillari, jumladan, 21 km, 10 km, 2 km masofalariga yugurishda qatnashishdi. Diqqatga sazovor tomoni, universitet jamoasi tarkibida mahalliy fuqarolardan tashqari AQSH, Polsha, Shvetsiya, Janubiy Afrika kabi davlatlardan kelgan professorlar ham borligi bo’ldi.

Musobaqadan so‘ng xorijlik professor-o‘qituvchilar o’zlarining marafon taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Annamarie Basson, SXTU tillar markazi direktori, professor (Janubiy Afrika):

- Yoshim 76 da. Marafonda o‘zbekistonlik hamkasblar va jamoadoshlarim bilan ishtirok etdim. Musobaqa chiroyli va tartibli o‘tdi. E’tiborimni tortgani, marafondan tushgan mablag‘lar savobli ishlar uchun sarflanishi bo‘ldi. Dunyoning o‘ndan ortiq davlatida bo‘lganman. Musobaqada yoshlardagi bir-birini ruhlantirish, marraga yetish uchun jamoaviy harakatlar va odamlar o’rtasidagi iliq munosabatlar menda yaxshi taassurot qoldirdi.

Faoliyatimning keyingi qismini aynan O‘zbekistonda davom ettirishni tanlaganimning ham asosiy sababi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, yaqin do‘stim, professor Yusuf Abdullayev tomonidan birga ishlash taklifini bajonidil qabul qilganligimdir. Men umrimning so‘nggiga qadar shu yurtda, ko‘hna Samarqandda qolishga qaror qildim, zero bu shaharda do‘stlik va samimiy mehmondo‘stlikning oliy qadriyat sifatida xalqining ongu shuurida singib ketganining guvohi bo‘ldim.

Ivy Nan Silverman, SXTU tayyorlov maktabi direktori, professor (AQSh):

- Bunday marafonda ikkinchi bor qatnashyapman. Birinchi marta Qatarda “Sharqdan G‘arbga 1000 km yugurish” shiori ostida sahro bo‘ylab 5 km masofani bosib o‘tganman. 62 yoshda bo‘lsam-da, sport bilan shug‘ullanishni kanda qilmayman. O‘tgan yil Samarqanda o‘tkazilgan “Samarkand Half Marathon” (Samarqand yarim marafoni) haqida eshitgandim. Bu yilgi marafonda ishtirok etish maqsadida tayyorgarlik ko‘rib, 5 kilometr masofaga yugurdim. Marafon juda yaxshi o‘tdi. Eng asosiysi, Qatar sahrosida yugurganimizdek jazirama issiq ham bo‘lmadi, baxtimizga ob-havo ham ajoyib bo‘ldi. Ayniqsa, ko‘chalardagi sokinlik, transport vositalari harakatining ma’lum muddatga to‘xtatilganligi va shahardagi me’moriy obidalarni ko‘rish imkoniyatining yaratilishi menda katta taaasurot uyg‘otdi”.