Ta’lim sifatini oshirishda ilg‘or xorijiy tajribalar bilan ulashish davom etmoqda
Joriy yilning 2-iyun sanasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida Samarqand viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida SIUT xorijiy tajribalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida markaz professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari uchun “Ta’lim sifatini oshirishda ilg‘or xorijiy tajribalardan foydalanish” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev hamda universitetning Computer Science & IT departamenti rahbari, prof. Mohammad Galety (Hindiston), amaliy matematika professori - Jimbo Henry Claver (Kamerun) va professor Ron Wiley (AQSh) ishtirok etdilar. Professor Y.Abdullayev pedagogika markazi jamoasiga ikki yil davomida oliygohda amalga oshirilgan ishlar, yutuqlar hamda universitetning ta’lim yo‘nalishlari va istiqboldagi rejalari haqida batafsil to‘xtaldi.

“Dunyoni o‘zgartiruvchilar bu muallimlardir! Orzu, mehnat va dadil harakat qilsangiz albatta maqsadga erishasiz. Bu mulohazalar 60 yillik pedagog sifatida tajribamdan o‘tgan va amalda o‘zini oqlagan fikrlardir”, — dedi professor Yusuf Abdullayev.

Uchrashuv ishtirokchilari bugungi kunda ta’limga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan shart-sharoitlarga alohida to‘xtaldilar. Professor Galety’ning o‘rta va oliy ta’lim sifatini oshirishda hamda androgogikada ilg‘or xorijiy metodikalarning o‘rni, o‘quv jarayonlariga xorijiy ekspertlarni jalb etishda qulay ta’limiy muhit yaratish omillari xususidagi fikrlari barchaning e’tibor markazida bo‘ldi. Bundan tashqari, uchrashuvda professor Ron Wiley iste’dodli o‘quvchilarni kashf etish, ularni o‘zlari qiziqqan hamda orzu qilgan kasbga yo‘naltirish, ta’lim sohasining muhim vazifasi ekanini a’lohida ta’kidladi.

Samarali kechgan uchrashuv yakunida SIUT va pedagogika markazi o‘rtasida xorijiy va mahalliy tajribali o‘qituvchilarni akademik va ilmiy jarayonlarga jalb etish, qo‘shma loyihalarda hamkorlikda ishlash kabi masalalar yuzasidan muzokaralar olib borishga va shu asosda amaliy faoliyatni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Ma’lumot o‘rinda shuni alohida aytib o‘tish joizki, pedagogika markazi bilan uchrashuvlar muntazam ravishda amalga oshirilib kelinmoqda.