Skip to main content

IGI Global nashriyotida SIUT professorlarining yangi monografiyasi chop etildi

Nufuzli IGI Global (AQSh) nashriyotida Samarqand xalqaro texnologiya universitetining hindistonlik professorlari Mohammed Gouse Galety va Arul Kumar Natarajanlarning «Geofazoviy tahlilda etika, mashinaviy o‘qitish va Python» (Ethics, Machine Learning, and Python in Geospatial Analysis) nomli monografiyasi chop etildi. Ushbu monografiya turli ma’lumotlarni tahlil qilishdagi murakkabliklarni bartaraf etishda innovatsion yechimlarni taklif etishi bilan birga, bevosita geofazoviy tahlil sohasi rivojiga katta hissa qo‘shadi.

Geofazoviy tahlilda ma’lum an’anaviy uslublar ko‘pincha katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlashda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, bu esa foydali va amaliy natijalarga erishishni qiyinlashtiradi. Bu esa iqlim o‘zgarishi, urbanizatsiya va resurslarni boshqarish kabi muhim masalalarda  ijobiy natijalarni qo‘lga kiritishga to‘sqinlik qiladi.

«Geofazoviy tahlilda etika, mashinaviy o‘qitish va Python» monografiyasi yuqoridagi muammolarni hal etishda keng ma’lumotlar bazasi va qulay interfeysga ega mashinaviy o‘qitish va Pythondan foydalanishni taklif etadi. Kitobning har bir bobi  o‘quvchilarni Pythonda dasturlashga oid dastlabki tushunchalardan tortib yetakchi va ilg‘or uslublarda faoliyat yuritishgacha bo‘lgan bosqichlar, shuningdek, geofazoviy tahlillarda murakkab amaliyotlarni olib borishga doir bilimlar bilan yaqindan tanishtiradi. 

Monografiya quyidagi mavzularni qamrab oladi:

  • ilg‘or tahlil uslublari;
  • iqlim o‘zgarishi;
  • murakkab ma’lumotlar majmuasi;
  • ma’lumotlarni tahlil qilish etikasi;
  • ma’lumotlarni talqin qilish;
  • ma’lumotlar tuzilmalari;
  • geofazo tahlili etikalari;
  • mashinani o‘qitish;
  • qo‘l mehnatiga asoslangan yondashuvlar;
  • Python;
  • resurslarni boshqarish;
  • qoidalarga asoslangan strategiyalar.

Monografiyada alohida bob sifatida SIUT o‘qituvchisi Islom Mamatov va IT departamenti yetakchi mutaxassisi Ruslan Alimovning «Geofazoviy ma’lumotlarni saqlash va boshqarish» (Geospatial Data Storage and Management) maqolasi ham chop etilgan. Bu bob geofazoviy ma’lumotlarni saqlash va boshqarish usullariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda zamonaviy yondashuvlar va texnologiyalarga alohida e’tibor qaratilgan. Ma’lumotlarning samaradorligi va xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, ushbu jarayonlarni avtomatlashtirish va optimallashtirish uchun Pythondan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.

Mualliflarning ta’kidlashicha, monografiya avvalo magistrantlar, doktorantlar, tadqiqotchilar hamda tor soha vakillariga mo‘ljallangan.

Shuni ta’kidlash joizki, 2023-yilda IGI Global nashriyotida Mohammed Gouse Galety va Arul Kumar Natarajanlarning xalqaro ilmiy doiralarda keng e’tirof etilgan boshqa bir asar — «Python ma’lumotlar tuzilmalari va algoritmlaridan keng foydalanish usullari» (Advanced Applications of Python Data Structures and Algorithms) monografiyasi ham chop etilgan edi.