Skip to main content

Ijodkorlik va innovatsiya: KITCda san’at va texnologiya uyg‘unligi

Joriy yilning 24-aprel sanasida Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti tomonidan “2024 KITC Annual Performance Review Festival” (“2024-yil: Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti bir yillik faoliyatining sarhisob festivali”) o‘tkazildi. Festival KITC talabalarining bir yil davomida erishgan yutuqlari, egallagan bilimlari va iste’dodlarini keng jamoatchilikka namoyish etish maqsadida tashkil etilgan tadbir sifatida ishtirokchilarda iliq taassurot uygʻotdi. Mazkur tadbirga SIUT professor-o‘qituvchilari va talabalaridan tashqari KITCda tahsil olayotgan talabalarning ota-onalari ham taklif etildi.  Festival SIUT rektori, professor Yu.N. Abdullayevning kirish so‘zi bilan ochildi. Shundan so‘ng KITC dekani, professor Hwang Sungdon so‘zga chiqib, oʻz nutqida talabalarning erishayotgan yutuqlariga va kelgusida ularni bundanda ko‘proq natijalarga erishishiga alohida e’tibor qaratdi. Festival davomida KITC talabalari loyiha va taqdimotlarini namoyish etdilar.

kitc 1

KITC talabalari ixtisosliklaridan kelib chiqqan holda uch joyda oʻz loyiha va taqdimotlarini namoyish qilishlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Bundan tashqari, festival doirasida koreys tilini oʻzlashtirish boʻyicha talabalar orasida tanlov ham o‘tkazildi. Mazkur tanlov doirasida talabalar koreys tilida o‘zlarini tanishtirish va koreys tilida she’rlarni yoddan aytib berish orqali koreys tilidan egallagan bilimlarini namoyish etdilar. Tadbir so‘ngida har bir yo‘nalishda faol ishtirok etgan bir guruh talabalar universitet rahbariyati tomonidan sertifikat va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

kitc 2

kitc 3

kitc 4

Bir so‘z bilan aytganda, Koreya texnologiyalari va madaniyati institutining yillik faoliyati sarhisobi KITC talabalarining iqtidori va yutuqlarini namoyish etuvchi hayajonli va nufuzli tadbir sifatida tashrif buyurganlar xotirasida muhrlandi.

kitc 5

Ma’lumot o‘rnida shuni alohida qayd etish joizki, ayni payta KITCda uch yo‘nalishda: “Qayta tiklanadigan energiya manbalari” (Renewable Energy Sources), “Dizayn” (Design), “Raqamli iqtisodiyot” (Digital Economy) ixtisosliklari boʻyicha koreyalik professor-o‘qituvchilar talabalarga bilim berib kelmoqda. Talabalar darslar davomida nafaqat bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqdalar, balki koreys xalqining turli milliy bayramlarini yil davomida nishonlash orqali koreys madaniyati, urf-odatlari bilan ham yaqindan tanishmoqdalar. O‘quv jarayoni ikki tomonlama diplom olish (“Double Diploma”) dasturiga asoslangan. Shuningdek, bitiruvchilar Koreya Respublikasining nufuzli kompaniyalarida faoliyat yuritish, tajriba orttirish va ilg‘or yangiliklarni O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlariga ham egadirlar.