Skip to main content

SIUT professorining kitobi nufuzli Walter de Gruyter ilmiy nashriyotida chop etildi

SIUT professori Mohammed K. A. Kaabarning Hindiston va Ispaniyalik tadqiqotchilar bilan hamkorlikda yozilgan “Hybrid Information Systems: Non-Linear Optimization strategies with Artificial Intelligence” kitobi nufuzli nashriyotlardan biri, akademik adabiyotlarni chop etishga ixtisoslashgan, 1749-yilda Germaniyada tashkil etilgan “Walter de Gruyter” ilmiy nashriyotida chop etildi. Kitobda murakkab va samarali modellashtirish jarayoniga erishish uchun matematik va sun’iy intellekt texnikasining afzalliklarini birlashtirgan gibrid yondashuvning muhimligi ta’kidlangan.

“Gibrid axborot tizimini modellashtirish texnikasi real muammolarning murakkab va noaniqligini hal qila oladigan modellarni yaratish uchun turli yondashuvlarni mujassamlashtirgan. Shuningdek, kitobda moliya, muhandislik fanlari va tibbiyot kabi turli sohalardagi real muammolarni hal qilishda hamda tadqiqotchilar, akademiklar va optimallashtirish, axborot tizimlari va ma’lumotlarni tahlil qilish sohalaridagi mutaxassislar uchun asosiy manbalardan biri bo‘lishiga aminman”, – deydi mualliflardan biri – professor Mohammed K. A. Kaabar.

“Hybrid Information Systems: Non-Linear Optimization strategies with Artificial Intelligence” kitobi SCOPUS va Web of Science tomonidan indekslangan “DE GRUYTER Proceedings in Mathematics” seriyasining bir qismidir.

Ma’lumot uchun: Professor Mohammed K. A. Kaabar “Besh P” (Planet, People, Partnership, Prosperity, and Peace): “Sayyora, Insoniyat, Hamkorlik, Farovonlik, Tinchlik” sohasida katta tadqiqot tajribasiga ega. U ekologiyaga oid xalqaro konferensiyalarning doimiy ishtirokchisi, shuningdek, bir qator mamlakatlarda: AQSh, Fransiya, Ruminiya, Turkiya, Kipr, Hindiston, Singapur, Gonkong, Malayziyada o‘tkaziladigan qator tematik ilmiy-amaliy anjumanlarda ham asosiy maʼruzachi sifatida qatnashadi. Professorning tadqiqotlari matematika, muhandislik, iqtisod, ma’lumotlarni tahlil qilish, ijtimoiy fanlar, ta’limdagi innovatsiyalar kabi keng faoliyat sohalarini qamrab oladi.