SIUTda “Nurlikum Mining” vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 17-aprel kuni SIUTda “Nurlikum Mining” O‘zbekiston-Fransiya qo‘shma korxonasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda universitetning muhandislik yo‘nalishi talabalari va xorijlik professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar. Mazkur uchrashuvni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad: qo‘shma korxona faoliyati hamda respublika uran sanoati tarmoqlarining yangi bosqichlari bilan yaqindan tanishtirishdir.

Uchrashuvda “Nurlikum Mining” qo‘shma korxonasi HR direktori Olga Pak va CSR (Corporate Social Responsibility) va aloqa menejeri Nargiza Amirovalar tomonidan yig‘ilganlarga uran konlarida olib borilayotgan geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlari, yer ostida ishqorlab eritmaga o‘tkazish, uran konsentratini ajratib olishdan tortib, uran oksidini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha geologik va geotexnologik jarayonlar, korxonada mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda talabalar amaliyoti bo‘yicha ma’lumot berildi.

Uchrashuv davomida vakillar tomonidan muntazam ravishda mahorat darslari olib borilishi ta’kidlandi. Shuningdek, qizg‘in tarzda davom etgan uchrashuv so‘ngida talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘zlari qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar oldilar.
Bundan tashqari, universitet va mazkur qo‘shma korxona o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, kelgusida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolashga kelishildi.

Ma’lumot uchun: “Nurlikum Mining” – Fransiyaning “Orano” guruhi (51%) va O‘zbekistonning “Navoiyuran” davlat korxonasi (49%) o‘rtasidagi O‘zbekiston-Fransiya qo‘shma korxonasidir. “Nurlikum Mining” QK Jingeldi uran konini sanoatdagi zamonaviy usullar bilan, xalqaro xavfsizlik va ekologik standartlarga muvofiq o‘zlashtirish, uran ishlab chiqarish maqsadida 2019-yilda tashkil etilgan.