HR mutaxassislari uchun mahorat darsi tashkil etildi
WIN Training Center (WIN TC)* tashabbusi bilan joriy yilning 1-martidan Samarqand shahri va Samarqand viloyati ishbilarmon doiralarida kasbiy kompetensiyalarni oshirishga qaratilgan turkum mahorat darslariga start berildi. “Savitskiy Plaza” mehmonxonasining anjumanlar zalida “Trendlar va amaliyot. Zamonaviy sharoitda o‘zgarishlarni boshqarish uchun ta’lim va rivojlanish funksiyasidan qanday foydalanish zarur” mavzusida tashkil etilgan ilk tadbirda viloyatimizdagi yirik korxonalardan biri “Samarqandkimyo” MChJ va “Silk Road Samarkand” turistik majmuasida faoliyat yuritayotgan kadrlar bo‘limi xodimlari ishtirok etdilar.
Mahorat darsi davomida bozor xo‘jaligi va boshqaruvning yangi-yangi realiyalari, ta’limning klassik tamoyillari, zamonaviy biznesni rejalashtirish sharoitida, xodimlarni o‘qitish hamda ularning kasbiy mahoratlarini oshirishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

WIN TC direktori, professor Gulnara Emirali tinglovchilar e’tiborini bir qarashda menejerlarga teskari tuyuladigan, lekin amalda o‘z samarasini ko‘rsatgan fundamental tamoyillarga qaratdi. Shuningdek, mutaxassis xodimlarning motivatsion strategiyasini o‘zgartirish muhimligini ta’kidladi.
Yig‘ilganlar tashkilotlarda xodimlarni o‘qitishning moslashuvchan tizimini yaratishni nazarda tutuvchi kadrlar tayyorlash va rivojlantirishning asosiy tendensiyalari bilan tanishdilar. Hozirgi biznes ehtiyojlari va innovatsion raqamli platformalar hamda formatlardan foydalanish sharoitida o‘qitishning tamoyillari muhokama qilindi.
Mahorat darsi ishtirokchilari mutaxassis tomonidan taklif etilgan tamoyillarning soddaligi va amaliyligini, olgan bilimlarini o‘zlari faoliyat olib borayotgan kompaniyalarida amaliyotda qo‘llash muhimligini ta’kidladilar.

Shuningdek, ushbu markaz tomonidan Samarqand viloyatidagi yetakchi kompaniya va tashkilot xodimlarining malaka oshirishi va HR strategiyasini takomillashtirishga qaratilgan mahorat darslarini davom ettirish rejalashtirilgan.
* WIN Training Center (WIN TC) – SIUT qoshida tashkil etilgan, yangi boshlayotgan va tajribali tadbirkorlarni innovatsiya, yetakchilik, jamoani shakllantirish, analitik fikrlash kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishga ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi. Markaz rahbari – Emirali Gulnara Shavkatovna, SIUTning strategik tashabbuslar bo‘yicha direktor, sertifikatlangan biznes murabbiy (CIPD xalqaro assotsiatsiyasi, Buyuk Britaniya).