SIUT WORLD EDU 2024 Xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi
Joriy yilning 28-29-fevral kunlari “SOF EXPO SAMARKAND” ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tgan “WORLD EDU 2024” III xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi va forumida SIUT ishtirok etib, yutuq va imkoniyatlarini namoyish etdi.
Bu yilgi ko‘rgazma “Kelajakni belgilovchi ta’lim” shiori ostida o‘tkazildi. Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad yurtimiz yoshlarining taʼlim olish imkoniyatlari haqidagi tushunchalarini kengaytirish, shuningdek, abituriyentlarga oliygohlarda tahsil olish uchun shu joyning o‘zida ariza topshirishda amaliy yordam berishga qaratilgan.



Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston, Yevropa, Janubi-Sharqiy Osiyo va Turkiyadan 40 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari, konsalting kompaniyalar, o‘quv markazlari vakillari ishtirok etib, malakali mutaxassislar bitiruvchilar va ularning ota-onalariga ta’lim dasturlari va maslahatlarining keng tanlovini taklif qildilar.

Ishtirokchilar tomonidan taqdim etilayotgan ta’lim dasturlarining asosiy qismini texnik yo‘nalishlar, IT, sun’iy intellekt va “yashil” texnologiyalar tashkil etib, bugungi kunda ushbu yo‘nalishlarga talab tez sur’atlarda oshib bormoqda, bu esa oliy ta’lim bozorida yuqori raqobatni yuzaga keltirmoqda.
Shuningdek, mazkur ko‘rgazmada Samarqand xalqaro texnologiya universiteti xorijiy va mahalliy professor-o‘qituvchilari, talabalari ham faol qatnashdilar. Ko‘rgazmada tashrif buyurgan abituriyentlar va ularning ota-onalariga SIUT taʼlim dasturlari, yo‘nalishlar, qabul kvotalari va oʻqishga hujjat shartlari, jumladan, grantlari haqidagi qimmatli ma’lumotlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, SIUTda bu yilgi hujjatlar qabuli quyidagi 12 ta bakalavriat yo‘nalishlarda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda:
Muhandislik (School of Engineering):
-
- Axborot texnologiyalari;
- Geologiya va geomuhandislik;
- Konchilik ishi;
- Neft-gaz muhandisligi;
- Kimyo muhandisligi.
Iqtisod va tadbirborlik (Business School):
-
- Tadbirkorlik va menejment;
- Xalqaro logistika.
Xitoy elektr energetika instituti (Chinese Institute of Electric Power):
-
- Issiqlik energetikasi
- Elektromuhandislik
Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti (Korean Institute of Technology and Culture):
-
- Dizayn;
- Raqamli iqtisodiyot;
- Qayta tiklanadigan energiya manbalari.
Ko‘rgazmada SIUTning xorijlik professor-o‘qituvchilari: jumladan, Tillar markazi direktori, professor Joseph Stark (“SIUTda ingliz tilini o‘qitish”), KITC dekani, professor Sungdon Hwang (“SIUT va KITC bilan tanishish”), CIEP dekani, professor Liu Chuang (“Xitoy elektr energetika institutining bakalavriat ta’lim dasturlari haqida”), Muhandislik yo‘nalishi professori Mohammed Awad (“SIUTda muhandislik dasturlariga kirish”) larning taqdimotlari tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otib, zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari va ilg‘or o‘qitish usullari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.




Bundan tashqari, ishtirokchi universitetlarning professor-o‘qituvchilari uchun o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikni mustahkamlash va ta’lim sohasidagi tadqiqotlarni takomillashtirish uchun platforma yaratildi.