SIUT bir guruh talabalari School 21 dasturlash maktabi saralash intensiv bosqichini muvaffaqiyatli yakunladilar
O‘zbekistonda IT sohasi faol rivojlanib, bu kasbga nisbatan ehtiyoj va talab ham ortib bormoqda. Mutaxassislar tayyorlash maqsadida barcha zarur shart-sharoitlar yaratilib, ixtisoslashtirilgan markazlar, texnoparklar, maktablardan tortib to oliy o‘quv yurtlarigacha IT sohasi bilan bog‘liq yangi yo‘nalishlar ochilmoqda. Xorij tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, ana shu jarayonga dasturlash maktablari turli mamlakatlarda o‘z samarasini bera boshlagan. Shu nuqtai nazardan, Samarqandda ilk bor 2023-yilning dekabr oyida tashkil etilgan School 21 dasturlash maktabi birinchi xorijiy filialiga tinglovchilarni saralash orqali qabul qilishni boshlagan edi.
“School 21”ning birinchi intensiv kursiga ikki yuz nafardan ortiq ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan. Ahamiyatlisi, School 21 maskanida ta’lim olish uchun IT sohasiga oid avvalgi bilimlar, ish tajribasi, dasturlash ko‘nikmalari va diplomga ega bo‘lish talab etilmaydi hamda mashg‘ulotlarda ishtirok etish mutlaqo bepul. Bundan tashqari, ushbu maktabda ta’limning 24/7 rejimda tashkil etilgani ham ishtirokchilar uchun bir qator qulayliklarga sabab bo‘ldi.
O‘quv mashg‘ulotlari moslashuvchan va doimiy rivojlanib boruvchi kontentga ega raqamli o‘quv platformasida olib boriladi.
School 21 dasturlash maktabida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalari 26 kunlik intensiv kurslarda ishtirok etdilar. Mazkur kurslarda qatnashish uchun Computer Science (I va II semestr), Design va Digital Economy yo‘nalishlarida tahsil olayotgan jami 72 nafar talaba ro‘yxatdan o‘tdi va tanlov asosida saralab olindi. Ishtirokchilar o‘zaro bilim almashadilar, topshiriqlarni bajaradilar, shuningdek, shaxsiy va jamoaviy IT loyihalarni tayyorlaydilar.

Eslatib o‘tamiz, intensiv kurslarda faol ishtirok etgan SIUT talabalariga IT mutaxassisliklari bo‘yicha ma’lumotlar, o‘quv rejaga binoan, malakaviy amaliyot sifatida qo‘shimcha ball ajratilgan.
Ushbu maskanda ta’limdagi asosiy e’tibor amaliy topshiriqlarni bajarishga, kuchli dasturlash, “soft skills” ko‘nikmalarini o‘zlashtirish va rivojlantirishga qaratilgan. Bundan tashqari, butun o‘quv jarayoni ingliz tilida olib boriladi. O‘qitish bosqichlaridan yana biri – uch oylik majburiy amaliyot hisoblanadi. Har bir ishtirokchi amaliyot boshlangunga qadar kamida uchta dasturlash tilini o‘rganib olishi va bu bilimlarni kasbiy faoliyatida qo‘llashi kerak bo‘ladi.

Joriy yilning fevral oyida School 21 intensiv o‘quv kursi birinchi bosqich natijalarini e’lon qildi. Kuzatuv komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi bosqichlarda o‘qishni davom ettiruvchi iqtidorli, bilimli tinglovchilar saralab tanlab olindi. Quvonarlisi, saralangan tinglovchilar orasida SIUTning 18 nafar talabasi va 1 nafar xodimi saralash bosqichi doirasida o‘qishni muvaffaqiyatli yakunladi.
- Abdullayeva Kamilla (Computer Science, 1-bosqich talabasi)
- Axmedov Baxodirjon (Computer Science, 1-bosqich talabasi)
- Botirov Olimjon (Computer Science, 1-bosqich talabasi)
- Dusmatov Usmonjon (Computer Science, 1-bosqich talabasi)
- Gaffarov Diyorbek (Computer Science, 1-bosqich talabasi)
- Samatov Baxtiyorjon (Computer Science, 1-bosqich talabasi)
- Xoliqjonov Manuchehr (Computer Science, 1-bosqich talabasi)
- Zikiryoyev Xasan (Computer Science, 1-bosqich talabasi)
- Sobirov Xurshed (Computer Science, 2-bosqich talabasi)
- Xusainov Mahmudjon (Computer Science, 2-bosqich talabasi)
- Donoqulov Bekzod (Design, KITC, 1-bosqich talabasi)
- Islamov Akmal (Design, KITC, 1-bosqich talabasi)
- Zikiryoyev Xusen (Design, KITC, 1-bosqich talabasi)
- Abdurashidova Ruxshona (Digital Economy, KITC, 1-bosqich talabasi)
- Amridinova Nigina (Digital Economy, KITC, 1-bosqich talabasi)
- Djuraeva Shahzoda (Digital Economy, KITC, 1-bosqich talabasi)
- Muxammadiyeva Vasilaxon (Digital Economy, KITC, 1-bosqich talabasi)
- Zugurov Shoxjaxon (Digital Economy, KITC, 1-bosqich talabasi)
- Alimov Ruslan (Computer Science departamenti xodimi)
SIUT Media markazi ham, o‘z o‘rnida, saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar fikrlari, maktabdan intensiv kursdan olgan taassurotlari bilan qiziqdi.
“Intensiv mustaqil ta’lim va muammolarni hal qilishda tanqidiy fikrlashni qo‘llashni qanday rag‘batlantirgani ta’sirli bo‘ldi. Bu shunchaki dasturlash tillarini o‘rganish kursi emas, balki dasturiy ta’minotni ishlab chiqish dunyosiga chuqur sho‘ng‘ish edi, bu yerda har bir yangi loyiha men uchun bilim va texnologiyalarning yangi yo‘nalishlariga eshiklarni ochdi”, — “Computer Science” departamentining tadqiqotchi muhandisi Ruslan Alimov.
“Bu jarayonlarni ikki og‘iz so‘z bilan ifodalash qiyin, chunki men hech qachon bunday muhitni his qilmaganman. Bundan tashqari, bu yerda men kabi sohaga mehr qo‘ygan tengdoshlarim bilan tanishib, o‘nlab yangi do‘stlar orttirdim va jamoada ishlashning ko‘nikmalarini o‘zlashtirdim. Asosiysi, intensiv kursdan o‘tish baxtiga muyassar bo‘ldim, School 21dagi mashg‘ulotlarning keyingi bosqichini intiqlik bilan kutyapman”, – deydi “Computer Science” yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Xoliqjonov Manuchehr.
“O‘tgan qisqa davr mobaynida talabalarimiz dasturlash sohasiga oid yangi bilimlarini egallash bilan bir qatorda ularni amalda qo‘llash, jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, vaqtdan unumli foydalanish va vazifalarini samarali boshqarish kabi ko‘nikmalarni o‘rgandilar, bu esa ularning kelajakdagi kasbiy faoliyatida o‘zlashtirilgan bilim va tajribalarni amalda qo‘llashi bilan ahamiyatlidir” – SIUT professori Olimjon Yalg‘ashev.