Skip to main content

PROfessors lohiyasining uchinchi soni mehmoni muhandislik yo‘nalishi professori Mohammed Hafed Awad

Qadrli kuzatuvchilar, universitetimizning professor-o‘qituvchilari bilan sizlarni yaqindan tanishtirishda davom etamiz. Bugungi suhbatimiz muhandislik yo‘nalishi professori kanadalik Mohammed Hafed Awad bilan bo‘ladi.

Assalomu alaykum, professor! Sizni loyihamizda ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Suhbatimizga qimmatli vaqtingizni ajratganingiz uchun tashakkur.

Assalomu alaykum! Rahmat, e’tiboringizdan mamnunman!

Professor Awad, ushbu loyihaning maqsadi: har bir professorning faoliyati, ilmiy va ijodiy hayoti, tajribalari haqida kuzatuvchilarimizni yaqindan tanishtirish. Shu sababli, an’anaga sodiq qolgan holda, dastlab bolalik davringiz xususida to‘xtalsak. Mohammed Awadning bolalaligi qanday o‘tgan?

Men Iroq poytaxti Bag‘dodda taniqli va ziyoli qabila oilasida tug‘ilganman. Oilada olti nafar farzandning to‘rtinchisiman. Ota-onamiz bizni yoshlikdan ilm-fan, din va xorijiy tillarni puxta egallashimiz, bilim olishga intilishimiz uchun hamisha qo‘llab-quvvatlashgan. Binobarin, men turli ilmlarni chuqurroq o‘rganib, olgan bilim va tajribalarimni hayotning turli jabhalariga tatbiq etishni o‘z oldimga maqsad qildim. Bu esa maktabda o‘qib yurgan kezlarim kimyo, fizika va matematika fanlaridan a’lochilar safidan o‘rin egallashimga  sabab bo‘ldi. Yillar o‘tib, mening maqsadlarim muhandislik sari harakatlana boshladi. Bugun esa muhandisman, universitetda dars beraman. Qisqasi, qaysidir ma’noda bolalik orzuyimga erishdim desam yanglishmagan bo‘laman.

awad1

Muhandislik sohasini tanlashingizda siz tug‘ilib, o‘sgan muhitning qay darajada ta’siri bor?

Mening bu sohani tanlashimda, avvalo, oilaviy muhitning ta’siri katta. Ta’bir joiz bo‘lsa, men o‘z vaqtida jahonga dong‘i ketgan “Bayt ul-Hikma” ta’sis etilgan tabarruk shahar farzandiman. Bu shaharda ulug‘ allomalar, mutafakkir va donishmandlar ilm rivoji uchun xizmat qilganlar. Shu nuqtai nazardan mamlakatdagi ilmiy muhit mening olim sifatida kamol topishimga turtki bo‘ldi, deyish mumkin.

Neft va gaz sohasida uzoq yillar muhandis bo‘lib ishlagan bo‘lsam-da, ilmiy izlanishlarga bo‘lgan ishtiyoqim, to‘plangan bilim va tajribamning talabalarim bilan bo‘lishishga, eng sharafli va mas’uliyatli kasblardan biri – o‘qituvchilik kasbini tanlashimga undadi.

Tajriba haqida gap ketganda, bizga ma’lumki, Siz muhandis sifatida katta xalqaro tajribaga egasiz. Xalqaro faoliyatingizga oid ma’lumotlar bilan ham bo‘lishsangiz?

Men neft va gaz sohasidagi karyeramni Birlashgan Arab Amirliklarining Schlumberger Limited kompaniyasida simli aloqa bo‘yicha muhandis bo‘lib ishlashdan boshlaganman. 

Quruqlikda ham, dengizda ham turli joylarda ishlashni, yangi mamlakatlar va madaniyatlarni o‘rganishni azaldan yoqtirardim. Keyinchalik Kanadaga ko‘chib o‘tdim va Kanada fuqaroligini oldim.  Aytish joiz bo‘lsa, shu nuqtada hayotimning yangi sahifasi ochildi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ya’ni muhandislik sohasidagi bilimimni kengaytirish maqsadida 2015-yilda Ryerson universitetiga Kimyo muhandisligi bo‘limida aspiranturada ham tahsil oldim.

O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlaganimdan so‘ng, oilam va turmush o‘rtog‘imning qo‘llab-quvvatlashlari tufayli, ilmiy faoliyatimni davom ettirishga qaror qildim. Men Kanadaning Western University (G‘arbiy universiteti), Toronto Metropolitan University (Toronto Metropolitan universiteti) va Waterloo University (Vaterlou universiteti) kabi yetakchi tadqiqot va innovatsiya universitetlarida doktoranturada tahsil oldim. Va nihoyat, Ontario, Kanada, Kitchener shahridagi Conestoga College (Konestoga kolleji)ning jarayon sifati muhandisligi bo‘limida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritdim.

awad2

Kasbingiz bilan bog‘liq eng esda qolarli voqea bo‘lganmi?

Ha albatta kasbimga oid esda qolarli voqealar juda ko‘p sodir bo‘lgan. Neft konidagi ilk ishim eng esda qolarlisi edi. Uni har gal eslaganimda dilimda faxr hissini ham tugaman. Schlumberger Limited kompaniyasi bir vaqtning o‘zida bir nechta neft quduqlariga xizmat ko‘rsatuvchi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.  Yosh va tajribasiz bo‘lishimga qaramay, menga ushbu korxonaning barcha ishlab chiqarish jarayonlarini hisobga olish kabi juda mas’uliyatli vazifa yuklangan edi. Rostini aytsam, men bu ishni uddalolmayman, operatorlar va brigada boshliqlarini boshqara olamasam kerak deb o‘ylagan edim. Ammo o‘sha paytda ham qo‘rquv, ham ehtiyotkor bo‘lish va kichik detallargacha  ahamiyat qaratishim – sog‘lom amaliyot ekanligini bilardim. Biroq qiyinchiliklarga qaramay berilgan topshiriqni sidqidildan bajarishga harakat qildim va u muvaffaqiyatli yakunlandi!

awad11

Yana bir voqeani alohida ta’kidlamoqchiman. Chunki bu ham men uchun eng esda qolarli voqealardan biri bo‘lgan deb hisoblayman.

Bu voqea karyera yo‘nalishimning neft va gaz sanoatidan akademik sohada ishlashga o‘zgartirish qarorim bilan bog‘liq. O‘qituvchilik mening ishtiyoqim va tadqiqot olib borish jamiyat oldidagi burchimdir, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan talabalarga ustozlik qilish va ularning hayot va faoliyatidagi yutuqlarini ko‘rish  hayot motivatsiyamning ijobiy energiyasi va “yoqilg‘isi”  bo‘ldi.

Tajribadan zo‘r do‘st, xatodan esa zo‘r ustoz yo‘q deyishadi. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?

Men bu fikrga to‘liq qo‘shilaman. Inson hech qachon xato qilmasdan hech narsaga erisha olmaydi. Men xatolar bilim va donolikka erishishning eng kuchli usullaridan biri ekanligiga ishonaman. Odamzot qiyinchiliklarda toblanadi va har biridan xulosalar chiqara boshlaydi. Agar qiyinchilikka duch kelsam, bir qadam orqaga chekinsam ham, oldinga ikki qadam tashlashga harakat qilaman. Xatolardan o‘z vaqtida saboq olishim bugungi muvaffaqiyatimga sabab bo‘ldi desam adashmayman. Va buni shogirdlarimga tez-tez takrorlab turaman.

SIUTdagi faoliyatingiz va umuman Samarqand haqida ham fikrlaringizni bildirib o‘tsangiz.

Savolingizga javob berishdan oldin, shuni alohida qayd etishni istardimki, men samarqandliklar, umuman o‘zbek yoshlariga ushbu ajoyib oliygoh orqali xizmat qilish sharafiga muyassar bo‘lganimdan va go‘zal shaharni o‘zim uchun kashf etganimdan juda xursandman. Samarqandning o‘ziga xos boy tarixi, uning Ipak yo‘li va Markaziy Osiyodagi alohida o‘rni meni qiziqtirdi. Ushbu shahar turli madaniyatlarni o‘zida jamlagan maskan bo‘lib, bu uyg‘unlik bir necha asrlar davomida barpo etilgan. Ayniqsa, o‘zbek zaminida yashab ijod etgan buyuk alloma va mutafakkirlardan ilhomlanaman.

awad4

Ayni paytda yangi avlod oʻzbek muhandis kadrlarini tayyorlash maqsadida yangi tashkil etilgan xalqaro mutaxassislarni o‘zida jamlagan katta jamoa bilan birgalikda SIUTda faoliyatimni davom ettirmoqdaman. SIUT – katta maqsadlarga ega yosh universitet va bu oliygohda muhandislik yo‘nalishi talabalariga kimyo fanidan dars mashg‘ulotlarini olib boraman. Bilasizki, bu fanni chuqur o‘zlashtirish, bo‘lajak muhandislar uchun eng zarur fanlardan hisoblanadi. Universitetda ta’lim jarayonlari amaliyot va nazariya uyg‘unligida tashkil etilgan, bu bilimlar ular uchun amaliyotda qo‘l keladi.

awad3

Yoshlarimizning yuqori marralarni erishishlari uchun qanday tavsiyalarni bera olasiz?

Yoshlarga o‘rganish va izlanishda davom etishlarini tavsiya qilaman. Eng muhimi, vaqtni qadrlang va uni to‘g‘ri ishlarga yo‘naltiring. Har doim o‘zingizga nisbatan mas’uliyatli, qat’iy va talabchan bo‘ling. Unutmang, inson o‘zini, mehnatini hurmat qilsa, albatta o‘z maqsadiga erishadi.

Bugun Siz tilga olgan tavsiyalarning barchasi yoshlarimiz uchun juda muhim, professor! Suhbatimiz mazmunli va qiziqarli bo‘ldi, tashakkur, ustoz!

Men ham bu loyiha mehmoni bo‘lish sharafiga muyassar bo‘lganimga mamnunman! Salomat bo‘ling! Barchangizga omad yor bo‘lsin!